Kontentga o'tish

Beqiyos dizayn va falsafasi.

Beqiyos dasturlash tili qanday bo'ladi? Keling, mavhum g'oyalarni endi aniq texnik o'ziga xos xususiyatlarga aylantiraylik. Hali tadbiq etishni boshlamagan bo'lsakda, tilning DNKsini aniqlashtirib olishimiz kerak. Demak, bu til dizayniga umumiy nuqtai nazar bo'ladi.

Dizayn qoidasi: Agar tushuncha oddiy foydalanuvchiga tushunarli bo‘lsa, u to‘g‘ri tanlangan.

Beqiyosning asosiy falsafasi: avval ma’no, keyin texnik tur. Imkon bo'lmasa, umumiyga qaytamiz.

1️⃣ Beqiyos qanday dasturlash tili bo‘ladi?

Xullas, Beqiyos shunchaki O'zbek tilidagi dasturlash tili bo'lmaydi! U faqatgina yangi o'rganishni boshlaganlar uchun ham emas. U darajasidan qat'iy nazar barcha O'zbek dasturchilari uchun mos keladigan va haqiqiy ilovalarni ishlab chiqarishga tayyor dasturlash tili bo'ladi.

Shunga ko'ra Beqiyos quyidagicha dasturlash tili bo'lishiga qaror qildik:

  • Qat'iy va kuchli statik turlanish bilan — har bir o'zgaruvchining turi kompilyatsiya vaqtida aniq bo'ladi
  • Qoidaga asoslangan — yashirin xatti-harakatlar yo'q, taxminlar yo'q, har narsa ravshanlikda
  • Kompilyatsiya qilinadigan — talqin qilinadigan emas, samaradorlik uchun mashinali kodga aylantiriladi
  • Ko'p paradigmali (gibrid) — protsedurali, funksional va obyektga yo'naltirilgan (OOP) uslublarni qo'llab-quvvatlaydi
  • Quyi darajaga yo'naltirilgan — tizim resurslariga to'g'ridan-to'g'ri kirish imkoniyati
  • Tizim darajasida ishlash mumkin — operatsion tizimlar, drayverlar, tarmoq dasturlari uchun mos
  • Samaradorlikga yo'naltirilgan — tezlik va resurslardan tejamli foydalanish ustuvor
  • Dizayn bo'yicha xotira xavfsizligiga ega — xotira xatolari oldini olish o'rnatilgan
  • Chiqindilarni yig'ib yuruvchisiz — dasturchi xotirani to'g'ridan-to'g'ri boshqaradi
  • Aniq egalik huquqi va umrbod qoidalar — xotira boshqaruvi Rust tilidan ilhomlangan
  • Nol qiymatli abstraksiyalar — yuqori darajali xususiyatlar ishlash tezligiga ta'sir qilmaydi

Demak, xotira xavfsizligi va aniq boshqaruvga ega tizim darajasidagi til ishlab chiqmoqchimiz.

Nega bunday tanlovlarni qildik?

Ta'lim va ishlab chiqarish uchun. Bu ham o'rganish, ham haqiqiy loyihalar qurish uchun yaroqli til bo'lishi kerak. Yangi boshlovchilar sodda dasturlar yozishi, tajribali dasturchilar esa murakkab tizimlarni qurishi mumkin bo'lsin.

O'zbek fikrlashiga moslashgan. Faqat so'zlarni tarjima qilish emas — O'zbek tilining grammatikasi va mantig'iga mos keladigan sintaksis yaratish. Bu til O'zbek tilida o'ylab, O'zbek tilida kod yozishga imkon beradi.

Xalqaro standartlarga mos. Zamonaviy dasturlash tillari (Rust, Kotlin, Go, Swift, Python, JavaScript, TypeScript) ning eng yaxshi xususiyatlarini o'zlashtirgan holda, O'zbek tilining o'ziga xos xususiyatlarini saqlab qolish.

Uzoq muddatli istiqbol. Bu til o'nlab yillar davomida rivojlanishi va qo'llanilishi kerak. Shuning uchun mustahkam poydevor zarur.

2️⃣ Sintaksis falsafasi

Dasturlash tilining sintaksisi — bu faqat qoidalar to'plami emas. Bu fikrlash uslubi, muloqot vositasi, madaniy ifodadir.

O'zbek tafakkurini kodda aks ettirish

O'zbek tili kontekstga bog'liq va tabiiy til hisoblanadi. Biz gapirish uslubimizda amalni birinchi o'ringa qo'yamiz: "kitob o'qi", "dastur yoz", "ma'lumot saqlash". Beqiyos ham shu mantiqni saqlaydi.

Ingliz tilida: if (condition) { action() }
O'zbek tafakkurida: "agar shart bajarilsa, unda amal qil"

Beqiyos sintaksisi tabiiy o'zbek gaplarini aks ettiradigan tarzda tuziladi. Dasturchi o'z fikrini dasturga aylantirganda, o'zbek tilidagi mantiqiy tuzilmadan uzoqlashmasligi kerak.

Gaplarga o'xshash tuzilma

Dasturlash kod yozish emas — fikrni ifodalashdir. Beqiyos kodlari o'qilganda, xuddi o'zbek tilida yozilgan ko'rsatmalar kabi tushunilishi kerak.

Masalan, shartli bayonotlar:

  • Tabiiy tilda: "Agar yosh 18 dan katta bo'lsa, unda kirishga ruxsat etiladi", deb aytamiz
  • Beqiyosda ham xuddi shunday ifodalanadigan sintaksis bo'ladi

Takrorlash (loop) konstruksiyalari:

  • Tabiiy tilda: "Har bir element uchun, uni ekranga chiqar"
  • Beqiyos dasturlash tili ham bu mantiqni saqlab qoladi

So'z tartibiga oid qarorlar

O'zbek tilida so'z tartibi nisbatan erkin, lekin ma'no aniqligini saqlash uchun ma'lum tartiblar mavjud. Dasturlash tilida esa qat'iy tartib zarur — kompilyator noaniqlikni qabul qilmaydi.

Shuning uchun ham Beqiyos quyidagi tamoyillarni qo'llaydi:

  1. Fe'l so'nggi o'rinda — o'zbek tilida fe'l gap oxirida keladi, lekin Beqiyosda aniqlik uchun ba'zan boshga qo'yilishi mumkin
  2. Ot + sifat — xususiyatlar va qiymatlar aniq tartibda
  3. Aniqlovchi + asos — turlar va o'zgaruvchilar nomlanishida izchillik

Nima uchun qat'iy qoidalar zarur?

O'rganish uchun. Yangi boshlovchilar uchun aniq va izchil qoidalar muhim. Har safar boshqacha yozish mumkinligi chalkashlikka olib keladi.

Xatolarni kamaytirish uchun. Qat'iy sintaksis xatolarni erta bosqichda aniqlashga yordam beradi.

Jamoaviy ishlash uchun. Barcha dasturchilar bir xil uslubda kod yozsalar, bir-birlarining kodini tushunish osonlashadi.

3️⃣ Kalit so'zlar strategiyasi

Beqiyosning kalit so'zlari (keywords) tilning eng muhim qismidir. Ular dasturning mantiqiy tuzilmasini belgilaydi va dasturchi bilan kompilyator o'rtasidagi "shartnoma" hisoblanadi.

Sof O'zbek tili yoki aralash standart?

Bu eng muhim savol. Bizda esa tanlash uchun ikki yondashuv mavjud:

100% O'zbekcha yondashuv:

  • Ustunligi: Tilning milliy xususiyati to'liq saqlanadi
  • Kamchiligi: Ba'zi texnik tushunchalarni tarjima qilish qiyin yoki sun'iy ko'rinadi

Gibrid yondashuv:

  • Ustunligi: Xalqaro terminlarni saqlab, tushunarlilikni oshiradi
  • Kamchiligi: Til "aralash" bo'lib qolishi xavfi mavjud

Beqiyos asosan O'zbek tilini, biroq bu bilan cheklanmagan holda, kerak bo'lganida standartlashtirilgan so'zlardan qarz olish yondashuvini tanlaydi. Masalan:

  • agar — shart uchun
  • yoki — mantiqiy OR uchun ishlatilishi mumkin (hali qaror qilinmagan)
  • funksiya — funksiya uchun (funksiya so'zi o'zbeklashgan)
  • modul — modul uchun (standartlashgan)

Noaniqlikdan qanday qochiladi?

O'zbek tilida ko'p so'zlar bir necha ma'noga ega. Dasturlash tilida esa har bir kalit so'z faqat bitta vazifani bajarishi kerak.

Strategiyamiz:

  1. Kontekst aniqligini ta'minlash — kalit so'zlar kombinatsiyada ishlatilganda ham noaniqlik bo'lmasligi
  2. Zaxira so'zlar tizimi — agar biror so'z noaniq bo'lsa, aniqroq variant tanlash
  3. Qo'llanmadagi aniq ta'rif — har bir kalit so'zning faqat bitta rasmiy ma'nosi bo'ladi

Masalan, biz oxiri degan kalit so'zni shartlarning hech biri ishlamagandagi else kalit so'zi o'rnida ishlatadigan bo'lsak, try, catch/except yoki try-except ikkovidan keyin ishlaydigan finally kalit so'zi o'rnida ham ishlatishga to'g'ri kelishiga o'xshash holatlar mavjud. Biz bularning oldini olish uchun ham spetsifikatsiya tuzib chiqishimiz kerak deb hisobladi. Shunda aniq qarorlarga asoslana olamiz.

Nima uchun ba'zi so'zlar "g'ayritabiiy" tuyulishi mumkin?

Tabiiy tilda biz erkin gaplashamiz. Lekin dasturlash tili — bu formal til. Ba'zan aniqlik uchun biroz "qotib qolgan" ifodalardan foydalanish zarur bo'lib qolishi ham mumkin.

Masalan:

  • Kundalik: "Agar yomg'ir yog'sa, soyabon ol"
  • Beqiyos: agar yomgir == rost { soyabon_ol() }

Dastlab g'alati tuyulishi mumkin, lekin izchillik va aniqlik uchun bu zarur. Vaqt o'tishi bilan bu uslub tabiiy bo'lib qoladi. Mantiqan olib qaraganda esa, g'alati yoki g'ayritabiiy tuyulmaydi.

4️⃣ Xatolar va xabarlar falsafasi

Dasturchi hayotining katta qismini xatolarni tuzatish bilan o'tkazadi. Shuning uchun xato xabarlari — bu nafaqat muammo haqida ma'lumot, balki o'rgatuvchi vosita hamdir.

Nima uchun xato xabarlari muhim?

  • Yomon xato xabari: Error: syntax error at line 42. Chunki bu yerda xatolik xabari ingliz tillida. Va aynan nima haqida gap borayotgani ham aniq aytilmagan.
  • Yaxshi xato xabari: Xato: 42-qatorda nuqta-vergul (;) yetishmayapti. Bu yerda xatolik haqida aniq va o'zbek tilida aytilgan. Ammo, uni qanday to'g'rilash haqida hech narsa yo'q.
  • Ajoyib xato xabari: Xato: 42-qatorda nuqta-vergul (;) yetishmayapti. Har bir buyruq oxirida nuqta-vergul qo'yish shart.. Manabu esa xatolik haqida ideal xabar bo'la oladi.

Beqiyos o'rgatuvchi xato xabarlari falsafasini qabul qildi. Har bir xato — bu o'rganish imkoniyati deb hisobladik.

Beqiyos xatolari qanday o'rgatadi?

Aniq muammoni ko'rsatib berish:

Xato: "son" o'zgaruvchisi e'lon qilinmagan.
  --> dastur.bq:15:5
   |
15 |     natija = son + 10
   |              ^^^ bu yerda
   |
Maslahat: Avval "son" o'zgaruvchisini e'lon qiling:
          o'zgaruvchi son: butun = 5

Yechim taklif qilish:

Xato: "satr" turi bilan "butun" turini qo'shib bo'lmaydi.
  --> dastur.bq:23:12
   |
23 |     yig'indi = ism + yosh
   |                ^^^ ^^^
   |                |   butun
   |                satr
   |
Maslahat: yosh o'zgaruvchisini satrga aylantiring: yosh.satrga() yoki "{yosh}"

Kontekst berish:

Xato: "hisoblash" funksiyasi 2 ta parametr kutadi, lekin 3 ta berilgan
  --> dastur.bq:45:5
   |
45 |     hisoblash(10, 20, 30)
   |     ^^^^^^^^^^^^^^^^^^^^^ ortiqcha argument
   |
Eslatma: Funksiya ta'rifi:
         fn hisoblash(a: butun, b: butun) -> butun

O'zbek tilining ohangini saqlash

Xato xabarlari rasmiy, tabiiy va do'stona ko'rinishlaridan birida bo'lishi mumkin. Beqiyos uchun ravshanlik bilan do'stona yondashuvlarining uyg'unligini tanlandi:

  • ❌ Juda rasmiy: "Sintaksis xatoligi aniqlandi. Tuzatish talab etiladi."
  • ❌ Juda norasmiy: "Ey, bu nima? Xato qipsiz-da! 😅"
  • ✅ Optimal: "Xato aniqlandi. Tafsilotlar quyidagicha:"

Hurmat bilan munosabatda bo'lish:

  • "Siz xato qildingiz" emas, "Xato aniqlandi"
  • "Noto'g'ri kod" emas, "Kutilmagan sintaksis xatoligi"
  • Tanqid emas, maslahat beriladi

Ilg'or tushuntirish:

  • Yangi boshlovchilar uchun: batafsil tushuntirishlar
  • Tajribali dasturchilar uchun: qisqa va aniq xabarlar
  • Tanlov: --verbose rejimida to'liq ma'lumot

5️⃣ Beqiyos NIMA EMAS

Kutilmalarni boshidan aniqlab olish muhim. Shunday ekan avvalboshdan Beqiyos haqidagi noto'g'ri tasavvurlarni bartaraf qilishimiz kerak.

Python o'rnini bosmaydi

Beqiyos Python yoki boshqa dinamik tillarni almashtirish uchun ishlab chiqilmagan. U o'z o'rniga ega:

  • Python: Tez prototiplash, ma'lumotlar tahlili, AI/ML uchun ajoyib tanlov
  • Beqiyos: Tizimlarni dasturlash va samaradorlik talab qiladigan ilovalar uchun ishlab chiqilgan

Ikkala til ham o'z sohasida qimmatli. Beqiyos Python bilan raqobatlashmaydi — u C, C++ va Rust bilan bir qatorda turadi.

"O'yinchoq til" emas

Ba'zilar milliy tildagi dasturlash tillarini faqat o'rganish yoki ommaboplashtiruv vositasi deb hisoblaydi. Beqiyos bundan ko'prog'i uchun ishlab chiqilmoqda:

  • Haqiqiy ilovalarni ishlab chiqish uchun
  • Katta loyihalarga moslashgan
  • Sanoat standartlariga javob beruvchi
  • Uzoq muddatli qo'llab-quvvatlanadigan

Beqiyosda yozilgan dastur — bu ishlab chiqarishga tayyor mahsulotdir, ko'rsatuv materiali emas.

Faqat bolalar uchun emas

Beqiyos barcha darajalar uchun:

  • Yangi boshlovchilar aniq va o'zbek tilida o'rganadi
  • O'rta daraja murakkab loyihalar quradi
  • Tajribalilar tizim darajasida dasturlaydi

"Bolalar uchun" degan fikr — bu tilning imkoniyatlarini pasasytiradi. Beqiyos professional dasturchilar uchun professional vositadir. Yangi boshlovchilar o'rganish uchun ham, murakkab va haqiqiy ishlar uchun ham mos keladi desak to'g'ri bo'ladi.

Dasturlashda ingliz tilidan qutulish uchun emas

Beqiyos ingliz tiliga qarshi emas. Maqsad:

  • O'zbek dasturchilariga qo'shimcha tanlov berish
  • Ta'limda kirish to'sig'ini kamaytirish
  • Milliy texnologik mustaqillikni mustahkamlash

Ingliz tili global muloqot tili bo'lib qoladi, buni oldini olish imkonsiz. Beqiyos — bu qo'shimcha imkoniyat, muqobil emas.

Faqat tarjima emas

Ba'zilar dasturlash tilini bir tildan ikkinchisiga oddiy tarjima deb o'ylaydi:

# Bu Beqiyos EMAS:
if → agar
else → aks holda
function → funksiya

Beqiyos — bu:

  • O'zbek grammatikasiga moslashgan sintaksis
  • O'zbek tafakkuri bilan mos keladigan tuzilma
  • Milliy dasturlash madaniyati

6️⃣ Keyingi bosqich

Bu maqola Beqiyos tilining falsafasi va dizayn tamoyillarini ko'rib chiqdi. Endi tayyormiz — amaliy qismga o'tamiz.

Navbatdagi maqolada "Beqiyos sintaksisi to'g'risida gaplashamiz va uning birinchi ko'rinishi qanday bo'lishi haqida tasavvurga ega bo'lamiz.

Hissa qo'shing!

Beqiyos — bu hamkorlikda ishlab chiqilayotgan dasturlash tili loyihasidir. Quyidagilar haqida sizning fikrlaringiz biz uchun muhim:

  • Sintaksis haqida takliflar
  • Kalit so'zlar variantlari
  • Xato xabarlari uslubi
  • Qo'llanmaning bo'yicha tavsiyalar

GitHub repozitoriyasida fikrlaringizni bildiring. Birgalikda O'zbekiston uchun zamonaviy dasturlash tilini ishlab chiqamiz!