Beqiyos mutloq O‘zbek tilidagi dasturlash tili bo‘lib, barcha kalit so‘zlar, qo‘llanma va hattoki xatolik xabarlari ham O‘zbek tilidadir. Biz ushbu dasturlash tili ustida ishlashni boshladik. Bilamiz bu oson bo‘lmaydi. Chunki, til cheklovlari va oldinda ko‘p mashaqqat bor. Ammo, biz barcha to‘siqlardan oshib o‘tishga tayyormiz. Chunki, u samarali yoki samarasiz bo‘lsin, har bir harakat ortida natija bor. Hamma harakat qilganlar ham erishmaganlar. Ammo, erishganlarning hammasi harakat qilganlardir. Shuning uchun ko‘p emas, samarali ishlash kerak deb davom etamiz.
Biz haqimizda
Biz MohirLab kompaniyasining Beqiyos jamoasimiz. IT sohasini o‘rganish oson bo‘lishi va keng miqyosdda buni targ‘ib qilish istagidagi yoshlarmiz. O‘zbekistonda IT sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shish va hamma uchun foydali bo‘lgan, ochiq manbaali loyihalarni taqdim etishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz. Asosan IT ta’limiga e’tibor qaratamiz.
O‘zi nima qilyapmiz?
Bizning safimiz kundan kunga kengayib, boshlagan loyihalarimiz rivojlanib bormoqda. Bular qatoriga mana Beqiyos dasturlash tili ham qo‘shildi. Ushbu loyiha bundan bir necha oylar oldin boshlangan. Ammo, to‘liq bir yo‘nalishga ega emas edik. To‘g‘risi nima qilishni ham bilmasdik. Bizda shunchaki xom hayol va g‘oya bor edi xolos. Ushbu maqolada biz bugun qaysi jarayonda ekanimiz haqida bilib olishingiz mumkin bo‘ladi.
Maqolaning maqsadi nima?
Xullas, bugungacha ko‘plab izlanishlar qildik va ushbu maqolada Beqiyos dasturlash tili to‘g‘risida, jamoamiz nomizdan men Otabek Sadiridinov sizga shu vaqtgacha nimalarni o‘rganganimizni batafsil yoritib bermoqchiman. Chunki, bu biz uchun jamlanib olish nuqtasi bo‘ladi. Manashundan keyingina dasturlash tilining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashtirib olishni boshlashimiz mumkin. Bu dasturlash tili spetsifikatsiyasi bo‘ladi va qo‘llanmani shunga asosan ishlab chiqamiz. Bu jarayonni esa aynan manashu saytda kuzatib borishingiz mumkin.
Qayerdan boshlayapmiz?
Biz Beqiyos dasturlash tilini biror dasturlash tilini misol tariqasida olib, hamma narsasini shunchaki tarjima qilib qo‘yilgan til emas, balki O‘zbek tilida o‘ylab yoziladigan dasturlash tili bo‘lishini xohlaymiz. Shuning uchun eng birinchi bosqichda biz eng muhim savolni so‘rashdan boshladik: Beqiyos nima uchun kerak?
Dunyoda ko‘plab dasturlash tillari mavjud. Biroq ularning aksariyati ingliz tiliga tayanadi. Bu esa endigina IT sohasiga kirib kelayotgan O‘zbek yoshlari, ayniqsa ingliz tilini bilmaydiganlar uchun katta to‘siq bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, bugungi kunda dasturlash yo‘nalishini o‘rganish uchun ingliz tilini bilish shart degan tushuncha mavjud. Beqiyos aynan shu muammoni yumshatish, dasturlashni ona tilimizda tushunish va fikrlash imkonini berish uchun ishlab chiqilmoqda.
Endigina dasturlash sohasiga kirib kelayotganlar alohida ingliz tilini o‘rganishga ham vaqt ajratib o‘tirmasinlar. Bir ishni ikki ish qilishmasin. Dasturlash tushunchalarni o‘rganib, ishlaydigan kod yoza olish uchun O‘zbek tilini o‘zini bilish ham yetarli bo‘lsin. Biz ingliz tilini o‘rganmasinlar demaymiz. O‘rgansinlar. Ammo, har bir yangi o‘rganishni boshlayotgan O‘zbek dasturchisi o‘z tilida dasturlash tili bo‘lishi haqida hech bo‘lmasa bir martta bo‘lsa ham o‘ylab ko‘rgan bo‘lsa kerak. Biz shuni amalda mavjud bo‘lishini istadik. Zero, dasturlash olamiga osonroq kirib olishlarida ushbu dasturlash tilining o‘rni Beqiyos bo‘lsin.
Asosiy tamoyillarimiz
Beqiyos ustida ishlashda o‘zimiz uchun bir nechta aniq tamoyillarni belgilab olgandik:
- Sodda va tushunarli sintaksis – ortiqcha murakkabliksiz, o‘qiganda gapdek tushuniladigan kod.
- O‘zbekcha terminlar – imkon qadar sof va tushunarli atamalar.
- O‘rganishga yo‘naltirilganlik – til avvalo ta’lim uchun qulay bo‘lishi kerak.
- Ochiq manba – har kim ko‘rishi, o‘rganishi, hissa qo‘shishi mumkin.
- Bosqichma-bosqich rivojlanish – tez natija emas, to‘g‘ri poydevor.
Ammo, keyinchalik ba’zi qarorlarimizni qayta ko‘rib chiqdik. Buning asosiy sababi, yoshlarni o‘ta ham oson dasturlash tiliga o‘rgatib qo‘ysak, kelgusida ingliz tilidagi qiyinroq dasturlash tillariga o‘tishlarida qiynaladilar. Shuning oldini olish maqsadida, Beqiyos dasturlash tiliga murakkabroq tushunchalarni ham olib kirishga qarorq qildik. Avvalboshda, bu oddiy talqin qilinadigan dasturlash tili bo‘lishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, endi u:
- qoidalar bo‘yicha yozilishga talabchan
- kuchli statik tiplanadigan
- kompilyatsiya qilinuvchi dasturlash tili g‘oyasiga aylandi.
Texnik tomondan nimalar qilindi?
Hozircha bizda tayyor ishlab turgan "dasturlash tili" mavjud emas — va bu normal holat. Garchi o‘zim C++ dasturlash tili yordamida ushbu dasturlash tilini bir marotaba obyektga yo‘naltirilgan dasturlash qo‘llab quvvatlovi bilan yozib chiqqan bo‘lsamda, aniq ko‘rsatmalar asosida emas edi. Hech bir spetsifikatsiyaga amal qilmasdi. Uni qanday bo‘lishini xohlasam shunday ishlab chiqqandim. Biroq endi hammasini avvaldan belgilangan qoidalar bilan, jamoamiz va keng jamoatchilik fikri asosidagi qarorlarga ko‘ra, ma’lum kelishuvlar va ko‘rsatmalarga amal qilib yozib chiqilishini maqsad qildik.
Shu kungacha quyidagi ishlar ustida ishladik:
- Dasturlash tillari arxitekturasi bo‘yicha tadqiqotlar
- Parser, lexer, AST tushunchalarini chuqur o‘rganish
- Mavjud tillardan (Python, Go, Rust va boshqalar) ilhom olish
- O‘zbek tiliga mos sintaksis variantlari ustida izlanishlar
- Qoralamalar shaklida ba’zi imkoniyatlarni sinab ko‘rish
Bu bosqichning foydasi ko‘rinmas bo‘lishi mumkin, ammo eng muhim bosqich aynan shu edi.
Oldinda nimalar bor?
Keyingi rejamiz aniq va ochiq:
Beqiyos tilining minimal ishlaydigan versiyasini (MVP) aniqlash
Asosiy konstruksiyalarni belgilash:
- o‘zgaruvchilar
- shart operatorlari
- takrorlanishlar
- funksiyalar
Rasmiy spetsifikatsiya hujjatini yozishni boshlash
Boshlang‘ich qo‘llanma va misollar tayyorlash
Bu jarayonlarning barchasini ochiq tarzda, shu sayt orqali e’lon qilib boramiz.
Kimlar uchun?
Beqiyos quyidagi insonlar uchun mo‘ljallangan:
- IT sohasiga endi qadam qo‘yayotganlar,
- Maktab va kollej o‘quvchilari,
- Dasturlash mantig‘ini ona tilida tushunmoqchi bo‘lganlar,
- Tajribali dasturchilar, lekin ta’limga hissa qo‘shmoqchi bo‘lganlar,
- Va eng muhimi O‘zbek tilida kod yozishni istaganlar uchu.
Yakun o‘rnida
Biz Beqiyos’ni bugun mukammal qilmoqchi emasmiz. Biz uni boshladik. Eng muhimi ham shu. Oldinda xatolar bo‘ladi, noto‘g‘ri qarorlar bo‘ladi, qayta yozishlar bo‘ladi. Ammo bularning barchasi o‘sish jarayonining bir qismi.
Agar sizga bu g‘oya qiziq bo‘lsa — kuzatib boring, fikr bildiring, savol bering. Beqiyos bitta jamoaning emas, butun jamiyatning loyihasi bo‘lishini xohlaymiz. Shuning uchun o‘z fikrlaringizni GitHub Muhokamalari qismida qoldiring.
Davomi albatta bo‘ladi.

